Ushbu savolga Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo filiali direktori Yashin Axmatov javob berdi.
— U yoki bu vitamin etishmasligi avitaminoz deb atalsa, uning ko’payib ketishi gipervitaminoz deyiladi. Bu holat organizm zaharlanishi, ichki organlar faoliyati buzilishi va boshqa turli kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin, — deydi mutaxassis.
Bunda yog’da eriydigan, aniqrog’i A, D, E va K guruh vitaminlari miqdorining oshib ketishi, ayniqsa, xavfli hisoblanadi. Sababi, ular suvda eriydigan vitaminlarga o’xshab peshob orqali chiqib ketmay, organizmdagi yog’larda parchalanadi va yog’to’qimalarida to’planadi.
Masalan, A vitamini teri salomatligi, ko’rish qobiliyati va immunitet mustahkamligini saqlashda muhim rol o’ynaydi. Ammo uning ortiqcha miqdori bosh og’rig’i, ko’ngil aynishi, soch to’kilishi, teri qurishi va tirnoq mo’rtlashishiga olib keladi.
Qolaversa, ushbu vitaminni muntazam me’yordan ortiq qabul qilish jigarga zarar etkazishi, suyaklar mo’rtligi, shu jumladan osteoporozni keltirib chiqarishi mumkin. Homilador ayollarda esa bu bola tug’ma anomaliyalar bilan dunyoga kelishi xavfini oshiradi.
Yog’da eriydigan moddalar turkumiga kiruvchi D vitamini organizmda metabolizm jarayonlari normal kechishiga yordam beradi va suyaklar sog’lom bo’lishini ta’minlaydi. Ammo uni ham haddan tashqari ko’p qabul qilish salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Yumshoq to’qimalar va qon tomirlarining kaltsifikasiyasi va ateroskleroz shular jumlasidan. Shu bilan birga, organizmda kaltsiy miqdorining ko’payishi buyrakda toshlar paydo bo’lish ehtimolini oshiradi.
E vitamini antioksidant xususiyatiga ega bo’lgani tufayli ko’pincha teri holatini yaxshilash va qarishni sekinlashtirish maqsadida qo’llaniladi. Organizmda ushbu vitamin miqdorining ortib ketishi qon ivish jarayonini sekinlashtiradi, bu esa ichki qon ketish xavfini oshiradi. Undan farqli o’laroq, K vitamini dozasining oshishi tromboz va boshqa qon tomir patologiyalarini keltirib chiqarishi mumkin.
Suvda eriydigan vitaminlarni qabul qilishda ham ehtiyotkor bo’lish kerak. Xususan, C vitamini, ya’ni askorbin kislotasining asosiy funktsiyasi — immunitet tizimini mustahkamlash, organizmni stressdan himoya qilish va kollagenni sintez qilish. Uning gipervitaminozi oshqozon-ichak faoliyatining buzilishi, diareya va meteorizmga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, ushbu holat ham, D vitamini kabi, buyrakda toshlar to’planishi xavfini oshiradi.
B6 vitamini (piridoksin) aminokislotalar almashinuvi va neyromediatorlar sintezida ishtirok etadi. Biroq uni uzoq muddat davomida yuqori dozada qabul qilish tufayli sensor neyropatiya — asablarning shikastlanishi, qo’l-oyoqlar uvishishi paydo bo’ladi.
Sog’lom bo’lish uchun inson organizmida barcha vitaminlar me’yorida bo’lishi kerak — undan kam ham, ko’p ham emas! Vitaminlarni muntazam ichsam, har qanday darddan qutilaman, deb o’ylash mutlaqo xato. Biron bir preparatni qabul qilishdan oldin shifokor bilan maslahatlashish zarur.
Eng asosiysi, salomatlikni mustahkamlash uchun vitaminlarning o’zi kifoya bo’lmaydi. Bunga kompleks yondashish, ya’ni sog’lom turmush tarziga rioya qilish, to’g’ri ovqatlanish va jismonan faol bo’lish kerak.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.